Ijara bitimi: kirish
«Ijara» – bu islom fiqhiga oid atama boʼlib, lugʼaviy maʼnosi «biror nimani ijaraga berish»dir. Islom huquqshunosligida «ijara» atamasi ikkita holatda qoʼllanadi. Birinchisi, «ish haqi evaziga yollangan shaxsning xizmatidan foydalanish» maʼnosini beradi. Bunda ish beruvchi «mustajir», yollangan xizmatchi shaxs esa «ajir» deb ataladi. Yaʼni, agar А tomon V tomonni ish boshqaruvchi yoki oddiy xodim sifatida yollasa А mustajir, V esa ajir boʼladi.
Ushbu ijara turi, bir tomon ikkinchi tomonni (yaʼni uning xizmatini) yollagan har qanday bitimni oʼz ichiga oladi. Yollangan shaxs tabib boʼladimi, oʼqituvchi boʼladimi, hammol boʼladimi farqi yoʼq, ularning barchasi ajir deb, yollovchi (ish beruvchi) mustajir deb, ajirga beriladigan ish haqi esa «ujra» deb ataladi.
Ijaraning ikkinchi turi insonlarning xizmatlariga emas, balki mol-mulkka taalluqlidir. «Ijara» bu maʼnoda «biror mulkni ijara haqi evaziga boshqa bir shaxsga berib turish» degan maʼnoni anglatadi. Bu yerda, «ijara» atamasi inglizcha «lizing» atamasi bilan bir xil maʼnoga ega. Bunda, ijara beruvchi (yaʼni ijaraga mulk taqdim qiluvchi) “mujir”, ijarachi “mustajir”, ijara haqi esa “ujra” deyiladi.
Ijaraning ushbu ikki turi ham Islom fiqhiga oid kitoblarda batafsil muhokama qilingan va ularning har biri oʼz qoidalariga ega. Ushbu maqolada asosan ijaraning ikkinchi turi haqida soʼz boradi, chunki ijaraning bu turi koʼproq sarmoya kiritish va moliyalashtirish bilan bogʼliq.
Ijara qoidalari, lizing maʼnosida, savdo qoidalariga juda oʼxshaydi, chunki har ikki holatda ham biror nima, boshqa bir shaxsga maʼlum bir qiymat evaziga beriladi. Ijara va savdo-sotiq oʼrtasidagi eng asosiy farq shundaki, savdo-sotiqda mol-mulkning egalik huquqi xaridorga oʼtadi, ijarada esa faqatgina mulkdan foydalanish huquqi ijarachiga oʼtadi (mulkka egalik huquqi ijara beruvchida qoladi).
Koʼrib turganimizdek, “ijara” aslida moliyalashtirish mahsuloti/usuli emas, balki savdo-sotiq kabi oddiy tadbirkorlik faoliyatidir. Biroq, baʼzi soliq imtiyozlari tufayli, koʼp mamlakatlarida ushbu bitimdan moliyalashtirish maqsadida foydalanish juda ommalashib ketgan. Moliya muassasalari oʼz mijozlariga foizga asoslangan anʼanaviy kredit berishning oʼrniga ham uskuna va jihozlarni lizingga berishni boshlashdi. Ushbu uskunalar uchun ijara haqi belgilashda ular bu mulkni sotib olishda oʼzlari sarf qilgan umumiy xarajatlarning ustiga ijara muddati davomida bunday miqdordagi puldan olishlari mumkin boʼlgan foizlarini qoʼshib, hosil boʼlgan yigʼindini (summani) ijara muddatining umumiy oylari soniga boʼlishadi va oylik ijara haqini shu asosda belgilashadi.
Xoʼsh, lizing shartnomasini moliyalashtirish uchun ishlatish mumkinmi yoki yoʼqmi, yaʼni bunday amaliyot islom moliyasi talablariga javob beradimi yoki yoʼqmi? Bu bitim shartlariga bogʼliq. Yuqorida taʼkidlab oʼtilganidek, lizing avvalombor moliyalashtirish mahsuloti emas, balki oddiy biznes bitimidir. Shu tufayli lizing shartnomasi doimo ijara uchun belgilangan sharʼiy qoidalar doirasida tartibga solinishi kerak. Maqolaning keyingi qismlarida, Islom fiqhida koʼrsatib oʼtilgan ijara bitimiga oid asosiy qoidalarni koʼrib chiqamiz. Ushbu qoidalarni oʼrganib chiqqandan soʼng, qaysi holatlarda ijara bitimidan moliyalashtirish uchun foydalanish mumkinligi haqida tasavvur paydo boʼladi degan umiddamiz.
Аlbatta ijara mavzusi katta va birmuncha murakkab mavzu, shuning uchun biz bu haqidagi maqolani bir necha qismlarga boʼlib eʼtiboringizga havola qilamiz.
Manba: fiqh.uz