Yangiliklar
Oʼzbekistonda Islom moliyasi boʼyicha xalqaro sertifikatsiyadan oʼtkazish boshlandi
Islom moliyasi sohasida eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri boʼlgan Islom moliya muassasalari buxgalteriya hisobi va auditi tashkiloti (AAOIFI) sertifikatsiya imtihonlari 2023 yil sentabrь oyida ilk bora Toshkentda oʼtkazildi. Bu boʼyicha AAOIFI bilan Oʼzbekistonda mutaxassislarni tayyorlash, sinovdan oʼtkazish va sertifikatlash boʼyicha kelishuv 2022 yilda imzolangandi.
Hozirgi kunda bunday sinovdan oʼtish imkoniyati Markaziy Osiyo boʼyicha faqat Toshkent shahrida mavjud.
Islom moliyasini joriy qilish boʼyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoev, 4 sentyabr kuni imzolagan qarori asosida, tadbirkorlar bilan 2023 yilgi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”ni tasdiqladi (https://kun.uz/86490868).
Unga koʼra, 2023 yil dekabr oyiga qadar islom moliyasini joriy qilish boʼyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
- islomiy mahsulotlar, xizmatlar va banklar faoliyatini huquqiy asosini yaratish;
- islomiy mahsulotlar va xizmatlar hamda ularni koʼrsatuvchi tashkilotlarni soliqqa tortishning oʼziga xos xususiyatlarini belgilash;
- islom moliyasi asosida joriy etilgan omonatlarni himoya qilish.
Islom moliyasi boʼyicha nufuzli xalqaro tashkilot Oʼzbekiston bilan hamkorlik oʼrnatdi
Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya va auditorlik tashkiloti - AAOIFI Oʼzbekistonning “Islamic Business and Finance” korxonasi bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Endilikda ushbu shartnoma doirasida AAOIFI xalqaro standartlari (meʼyorlari) asosida Oʼzbekistonda mutaxassislarni tayyorlash, sinovdan oʼtkazish va sertifikatlash amalga oshirilishi mumkin boʼladi.
Shartnoma ushbu nufuzli tashkilotning 2022 yilning 15-16 may kunlari Bahrayn poytaxti Manama shahrida boʼlib oʼtgan 20 yillik anjumani davomida imzolandi. Shartnomaga koʼra, Oʼzbekistonda tashkil etiladigan markaz AAOIFI'ning quyidagi yoʼnalishlarida mutaxassislar tayyorlash va sinovlarni tashkil etish bilan shugʼullanadi:
- Islom moliyasi boʼyicha sertifikatlangan professional buxgalter (CIPA);
- Shariat boʼyicha sertifikatlangan maslahatchi va auditor (CSAA);
- Moliya hisobi standartlari boʼyicha mohirlik sertifikati (CPFAS).
Shuningdek, tashkil etiladigan markaz AAOIFI standartlari va nashrlarini Oʼzbekistonda taqdim etish, vazirlik va idoralar bilan ishlash, islom moliyasi boʼyicha tadbirlar tashkillashtirish bilan shugʼullanadi. Ushbu hamkorlikning yoʼlga qoʼyilishi Oʼzbekistonda joriy etilishi kutilayotgan islom moliyasi va bankchiligi sohasining jahon islom moliya sanoati bilan uygʼunlashishiga, xorijiy islom banklari, sugʼurta (takoful) tashkilotlari, jamgʼarmalari, kapital bozori ishtirokchilari bilan samarali hamkorlik qilishiga jiddiy koʼmak beradi.
Islom moliyasi Oʼzbekistonga yiliga 10 mlrd dollargacha jalb qilishi mumkin
Oʼzbekistonliklarning qariyb 20 foizi diniy sabablarga koʼra anʼanaviy kredit mahsulotlaridan foydalanmaydi, islom moliyasini yoʼlga qoʼyish mamlakatga yiliga 10 mlrd dollargacha jalb qilishi mumkin, dedi Toshkentdagi moliyaviy forumda Apex bank raisi Bahrom Noʼmonov. Hayot bank raisi Zohid Аlimov va xalqaro ekspert Xondamir Nusratxoʼjaev islom moliyasi shaffoflik, etika va risklarning adolatli taqsimlanishi bilan ajralib turishini taʼkidladi.
21-22 iyun kunlari Toshkent shahrida “Fintex, banklar, riteyl” PLАS– forumi boʼlib oʼtdi. Undagi sessiyalardan biri Markaziy Osiyoda islom moliyasi va uning istiqbollariga bagʼishlandi.
Islom moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkiloti kengashi aʼzosi Xondamir Nusratxoʼjaev islom moliyasini “zamonaviy moliyaviy iqtisodiyotning detoksi” deb atadi. Uning tushuntirishicha, islom moliyasining asosida inson qadr-qimmati va mulkining daxlsizligi yotadi.
“Bu tizimda kredit foizsiz boʼlishi, moliyaviy risklar adolatli taqsimlanishi kerak. Bunday yondashuv har qanday dunyoviy mamlakatga moliyaviy inklyuzivlik beradi”, – dedi u.
Uning taʼkidlashicha, aynan moliyaviy inklyuzivlik bagʼishlagani uchun ham islom moliyasi butun dunyoda rivojlanib bormoqda.
Islom moliyasi tomon navbatdagi qadam: Toshkentda Islom taraqqiyot banki sammiti yakunlandi
2021 yil 1–4 sentyabr kunlari Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Islom taraqqiyot banki (ITB) boshqaruvchilar kengashining 46-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish doirasidagi uchrashuvlarda a'zo mamlakatlardan 4100 nafar ishtirokchi hamda 27 ta xalqaro va mintaqaviy hamkor tashkilotlar qatnashdi.
Sammitda, ITB guruhi va o‘nta a'zo mamlakat o‘rtasida umumiy qiymati 1,2 milliard AQSh dollariga teng 30 ta moliyaviy kelishuv imzolandi. Shundan 330 million dollariga teng mablag‘ O‘zbekiston manfaatlarini ko‘zlab sarflanadi.