Islom moliyasida Vaqf tushunchasi
Hurmatli sahifamiz aʼzolari, bugundan sizlarni islom ijtimoiy moliyasi mahsulotlari bilan tanishtirishni boshlamoqchimiz. Biz avvalroq asosiy islom ijtimoiy mahsuloti boʼlmish zakot va fitr sadaqasi haqidagi bir qancha maqola va maʼlumotlarni sahifamiz va saytimiz orqali sizlarning eʼtiboringizga havola qilgan edik, endi esa yana bir muhim islom ijtimoiy moliyasi mahsuloti boʼlgan vaqf bilan sizlarni tanishtirishni boshlamoqchimiz.
Vaqf: kirish
«Vaqf» soʼzi lugʼatda «toʼxtatish», «tutib qolish» maʼnosini anglatadi. Shariatda esa molning aslini ushlab turib, foydasini Аllohga qurbat (yaqinlik) hosil qilish uchun sarflashga aytiladi. Vaqf qilingan narsadan keladigan foyda vaqf qiluvchi belgilagan/koʼrsatgan sharʼiy maqsad uchun sarf qilinadi va savobi vaqf qiluvchiga boʼladi. Vaqf qilingan narsa sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros qoldirilmaydi.
Quyidagi oyati karima vaqfning shariatda joriy qilinishiga dalolat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Kasb qilgan narsalaringizdan va Biz sizlarga yerdan chiqarib bergan narsalarimizdan sadaqa (ehson) qilinglar!” (“Baqara” surasi, 267-oyat).
Vaqfga alaqodor eng mashhur hadislardan biriga Аbu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan quyidagi hadis misol boʼla oladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odam bolasi vafot etganda, uning amallari kesiladi. Faqat uch narsadan: sadaqai joriya, manfaatlanadigan ilm va uning haqqiga duo qilib turuvchi solih farzanddan kesilmaydi», dedilar»
Beshovlaridan faqat Imom Buxoriy rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu yerdagi vaqfga tegishli gap «sadaqai joriya» dir. Joriy sadaqa davomli sadaqa boʼlib, vaqf shu doiraga tushadi. Musulmon kishi koʼpchilik foyda oladigan bir ish qilib ketgan boʼladi, ana shundan kishilar foyda olib tursalar, oʼlganidan keyin ham uning egasiga savob yetib turadi. Shuning uchun ham musulmonlar islom taʼlimotlarini yaxshi tushunib, ularga amal qilgan paytlarida bardavom savobdan umidvor boʼlib koʼplab vaqflar qilganlar va beva-bechora, faqir-kambagʼallarni ana shu vaqflar hisobidan taʼminlab turganlar. (“Hadis va hayot” 11-juz) .
Vaqf sahih boʼlishi uchun bir necha shartlar mavjud boʼlib, ularga quyidagilar kiradi:
- Vaqf qilayotgan kishi tasarrufga layoqatli kishi boʼlishi, yaʼni balogʼatga yetgan, oqil inson (aqli-hushi joyida) boʼlishi lozim;
- Vaqf qilinayotgan narsa asli saqlanib qolgan holda, davomli foyda olib turiladigan narsa boʼlishi kerak. Foydalanish bilan tamom boʼlib qoladigan narsani, masalan, taomni yoki yoqilgʼini vaqf qilish durust boʼlmaydi;
- Vaqf qilinayotgan narsa tayin (aniq) boʼlishi lozim. Tayin boʼlmagan (noaniq) narsani vaqf qilish durust emas. Yaʼni, masalan: «uylarimdan birini vaqf qildim» desa, aynan qaysi uyni aytmagani uchun mavhumlik vujudga keladi;
- Vaqf yaxshilik ishlari uchun boʼlishi shart. Chunki, undan murod – Аlloh taologa qurbat (yaqinlik) hosil qilishdir. Masjidlar, koʼpriklar qurish, suv chiqarish, ilmiy kitoblar chop etish kabi ishlar shular jumlasidandir. Yaxshilik sanalmaydigan noshariy ishlarga, masalan butxonalar qurish, kufr kitoblarni nashr qilish, mozorlarga chiroq va shamlar yoqishga qaratilgan yoki shu ishlarni qiluvchi xizmatchilarga biror nimani vaqf qilish kabilar vaqf hisoblanmaydi. Chunki, bunday ishlar maʼsiyat, shirk va kufrga yordam berish boʼladi.
Vaqfga doir hukmlardan yana biri shuki, vaqf qiluvchi shaxs bir shart qoʼysa va bu shart shariatga xilof boʼlmasa, unga amal qilinishi lozim boʼladi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Musulmonlar qilgan shartlari ustidadir, haromni halol qilgan, halolni harom qilgan shart bundan mustasno», deganlar (Аbu Dovud (3594) Аbu Hurayra roziyallohu anhudan, Termiziy (1352) Аmr ibn Аvf roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar). Chunki, Umar roziyallohu anhu vaqf qilganlar va bunda shart qoʼyganlar (yaʼni Samgʼ degan joydagi yerlari vafot etishlari bilan vaqf (sadaqa) qilinishini vasiyat qilgan edilar.
Oʼz mulkini vaqf qiluvchi inson quyidagi shartlarni qoʼyishi mumkin:
- Vaqf mulkidan faqat bir toifa insonlar foydalanishini shart qilish (masalan, bu binodan faqat talabalar foydalansin, kabi);
- Vaqf mulkidan foydalanishda bir toifani ikkinchi toifadan ustun koʼrishni shart qilish (masalan, avval talabalarga, ulardan keyin shifokorlarga sarflansin, kabi);
- Vaqfga haqdor boʼluvchida bir sifatning boʼlishini shart qilish;
- Vaqfga haqdor boʼluvchida bir sifatning boʼlmasligini shart qilish;
- Vaqfga nazoratchilikni shart qilish va boshqalar.
Yuqoridagi kabi shartlar Qurʼon va Sunnatga xilof boʼlmasa, ularga amal qilish lozim boʼladi.
Vaqf lafzning oʼzi bilanoq lozim boʼluvchi aqddir, uni buzish joiz boʼlmaydi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Uning asli sotilmaydi, hadya qilinmaydi, meros qoldirilmaydi», deganlar (Buxoriy (2764) va Muslim (1632) ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar). Imom Termiziy soʼzlariga koʼra, ahli ilmlar nazdida, amal mana shu hadisgadir, uni buzish joiz emas, chunki u abadiy vaqfdir. (davomi bor)
Manba: islommoliyasi.uz