Istisna – qurilish yoki ishlab chiqarish bitimi
Salam shartnomasi kabi mahsulot paydo boʼlishidan oldin uning oldi-sotdisi amalga oshiriladigan yana bir shartnoma/tijorat turi Istisna deb ataladi. Bunda buyurtmachi mijoz/xaridor ishlab chiqaruvchi (yoki quruvchi) tashkilotga muayyan mahsulotni ishlab chiqarish (yoki biror inshootni qurib berish) buyurtmasini beradi. Аgar ishlab chiqaruvchi buyurtma berilgan mahsulotni oʼz xom ashyosidan ishlab chiqarish majburiyatini olsa Istisna bitimi yuzaga keladi. Istisna joiz boʼlishi uchun ishlab chiqarilishi kutilayotgan mahsulot narxi tomonlarning roziligi bilan belgilanishi, hamda mahsulotning barcha xususiyatlari boʼyicha bir kelishuvga erishishlari lozim.
Istisna shartnomasi ishlab chiqaruvchiga mahsulotni ishlab chiqarish masʼuliyatni yuklaydi, ammo, u ishlab chiqarishni boshlamasdan oldin tomonlardan biri ikkinchi tomonga ogohlantirish bergan holda, shartnomani bekor qilishi mumkin. Biroq, ishlab chiqaruvchi mahsulotni ishlab chiqarishni boshlagandan keyin shartnomani bir tomonlama bekor qilib boʼlmaydi.
Istisna va Salamning farqlari
Istisnaning oʼziga xos jihatlarini inobatga olib, Istisna va salam oʼrtasidagi bir necha farqlarni quyida yoritib oʼtamiz:
- Istisna shartnomasining mavzusi (subʼekti) doimo ishlab chiqarish talab etadigan narsa boʼladi. Salam bitimida esa ishlab chiqarish talab etiladigan yoki talab etilmaydigan narsa ham boʼlishi mumkin.
- Salam savdosida mahsulot narxi toʼliq ravishda oldindan toʼlanishi shart, Istisnada esa shart emas.
- Salam shartnomasi kuchga kirgandan soʼng bir tomonlama bekor qilinishi mumkin emas, lekin Istisna shartnomasi ishlab chiqaruvchi ishni boshlamasdan oldin bir tomonlama bekor qilinishi mumkin.
- Salam savdosida yetkazib berish muddati shartnomaning eng muhim qismi sanaladi, ammo Istisno shartnomasida yetkazib berish muddatining koʼrsatilishi shart emas.
Istisna va Ijaraning farqlari
Yuqorida aytib oʼtganimizdek Istisna shartnomasida ishlab chiqaruvchi talab etilgan mahsulotlarni oʼz xom-ashyosidan ishlab chiqaradi. Shuning uchun ham, Istisna boʼyicha ishlab chiqaruvchi, agar unda kerakli xom-ashyo mavjud boʼlmasa, ishlab chiqaruvchi kerakli narsalarni sotib oladi va mahsulotni tayyorlash uchun zarur ishlarni amalga oshiradi. Аgar kerakli xom-ashyo mijoz tomonidan yetkazib berilsa, ishlab chiqaruvchi faqat mehnat qiladi (mahoratini ishga soladi), va bu bitim Istisna emas, balki ijara deyiladi. Chunki bunda mijoz ishlab chiqaruvchining mehnati / xizmatini maʼlum haq evaziga ijaraga olayapti.
Talab etilgan mahsulotlar sotuvchi tomonidan ishlab chiqarilsa, u ularni xaridorga yetkazib berishi kerak. Xaridor bitimning mana shu bosqichida mahsulotlarni rad qilishi mumkinmi, degan savol tugʼilishi mumkin. Bu masalada Аbu Hanifaning eng mashhur shogirdi Imom Аbu Yusufga koʼra, agar mahsulot shartnoma boshida tomonlar kelishib olgan sifat va xususiyatlarga muvofiq ishlab chiqarilgan boʼlsa, xaridor mahsulotni sotib olishga majbur. Hanafiy mazhabi qonunlari ham mana shu nuqtai nazar asosida shakllantirilgan. Chunki hozirgi zamon savdo va tadbirkorlik muhitida ishlab chiqaruvchi oʼz hisobidan mahsulot ishlab chiqarsa-yu, ammo xaridor u shartnomani biror jiddiy sababsiz, mahsulot kelishilgan barcha sifat belgilari va xususiyatlarga muvofiq ishlab chiqarilganiga qaramasdan bekor qilsa, ishlab chiqaruvchiga katta zarar yetadi.
Yetkazib berish vaqti
Yuqorida aytib oʼtildiki, Istisna shartnomasida yetkazib berish vaqtining oʼrnatilishi majburiy emas. Аmmo, xaridor yetkazib berishning eng soʼnggi muddatini belgilashi mumkin; agar ishlab chiqaruvchi bu muddatdan kechiktirsa, mahsulotni olish va uning narxini toʼlash majburiyati xaridorning boʼynidan soqit boʼladi.
Bagungi kunda, mahsulotning belgilangan muddatda yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida ayrim shunga oʼxshash shartnomalarga jarima bandi kiritilmoqda. Аgar ishlab chiqaruvchi belgilangan muddatda mahsulotni tayyorlab bermasa, har bir kechiktirilgan kun uchun hisoblanadigan jarima toʼlashga majbur boʼladi. Istisna shartnomasiga ham shariat boʼyicha shunday jarima bandini kiritish mumkinmi? Istisno shartnomasi haqidagi boblarda mumtoz faqihlarning asarlarida bunday maʼlumot uchramaydi, ammo, ular shunga oʼxshash jarimani ijara shartnomalari uchun joiz deyishgan. Ular aytishadiki, misol uchun, bir kishi tikuvchiga buyurtma bersa, unga beriladigan xizmat haqi yetkazib berish muddatiga qarab farqlanishi mumkin. Tikuvchini yollagan kishi “agar kiyimni bir kunda tikib bersang, 1 mln.soʼm toʼlayman, agar ikki kundan oʼtib ketsa, 800 ming soʼm olasan” desa, joiz boʼladi.
Shunga qiyosan aytish mumkinki, Istisna shartnomasida mahsulot narxi yetkazib berish muddatiga bogʼlanishi mumkin. Shuningdek, tomonlar oʼzaro kelishgan holda har bir yetkazib berish kechiktiriladigan muddat (kun/hafta/oy) uchun narxni maʼlum miqdorga pasaytirishni kelishib olishlari mumkin.
Manba: islommoliyasi.uz