img

Mudoraba – sarmoya va iqtidor hamkorligi

img

Аlloh taolo, oʼz hikmati va adolati bilan insonlar orasida iqtidor va boylikni taqsimlagandir. Jamiyatimizda koʼpdan-koʼp oʼz sohasining mutaxassislari boʼlgan, zakovat, tajriba va ilm egalari bor, shu bilan birga boylik-sarmoya egalari ham borki, ular tajriba kamligi, vaqt tanqisligi, maʼlum bir soha mutaxassisi emasliklari yoki yana biror boshqa sabablar tufayli u yoki bu biznes loyihani amalga oshirish imkoniyatlari yoʼq. Аynan shunday holatlarda sarmoya egalari va iqtidorli mutaxassis insonlarning manfaatlari bir nuqtada kesishadi (yaʼni mos kelib qoladi). Shunda ikki taraf oʼz maqsadlari yoʼlida, bir taraf oʼz sarmoyasi bilan, ikkinchi taraf esa oʼz bilim va tajribasi bilan biror bir biznes loyiha qatnashchilariga aylanishadi.

Islom taʼlimoti sarmoya va iqtidor egasi orasidagi hamkorlikni, bu agar adolatli va sogʼlom kelishuv asosida boʼlsa qoʼllab quvvatlaydi.

Bunday xamkorlik shariatda Mudoraba deb ataladi va bunda tomonlar agar loyiha (tadbirkorlik faoliyati) natijasida foyda olinsa unda u (foyda) hamkorlar oʼrtasida tuzilgan shartnoma asosida taqsimlanadi, aksincha boʼlsa (yaʼni zarar koʼrilsa), sarmoyador moliyaviy zarar koʼradi, oʼz iqtidori / mehnati bilan hamkorlikka kirishgan sherik esa loyihaga (tadbirkorlik faoliyatiga) sarflagan mehnati va vaqtini yoʼqotadi. Shuningdek, agar zarar mudoribning xatosi tufayli koʼrilgan boʼlsa, u xolda uning mutaxassis sifatidagi obroʼsiga putur yetadi, agar mudoribning loqaydligi, imzolangan shartnomaga va/yoki tasdiqlangan loyiha shartlariga rioya qilmaganligi oqibatida zarar koʼrilgan boʼlsa, u holda zarar mudorib tomonidan qoplanadi.

Shu bilan birga, mudorabaning bir necha muhim shartlari borki, ularni aytib oʼtmasak boʼlmaydi (keyinroq mudoraba shartnomasi boʼyicha alohida maqolani sizlarga taqdim etamiz). Jumladan:

  • sarmoya egasining tadbirkorlik loyihasiga kirgizgan sarmoyasi evaziga daromad miqdorini avvaldan belgilab qoʼyishi, yaʼni daromad miqdorining loyiha natijasiga (foyda yoki zarar bilan chiqishiga) bogʼliq boʼlmasligi mumkin emas;
  • mudorib, yaʼni iqtidor/mehnat egasining hamkorlikdagi faoliyat davomida oʼz mehnatiga maosh talab qilishi mumkin emas (kelajakdagi koʼrilishi mumkin boʼlgan foyda hisobidan boʼladimi yoki undan tashqarimi, farqi yoʼq). Yuqorida aytib oʼtilgandek, mudorib faqat loyiha natijasida olinishi mumkin boʼlgan foyda hisobidangina ulush olishi mumkin.

Tomonlardan birining oʼzi uchun oldindan, yaʼni faoliyat natijasi aniq boʼlmasidan turib belgilangan miqdorda foyda yoki maosh olishga intilishi ikkinchi tarafga nisbatan ayni adolatsizlik (chunki loyiha natijalari har xil boʼlishi mumkin) va albatta bunday adolatsizlik kishilar oʼrtasida nafrat va adovat paydo boʼlishiga olib boradi va jamiyatdagi munosabatlarni izdan chiqaradi.

Manba: islommoliyasi.uz

docxfilePDF