MUROBАHА: Kirish
Murobaha bugungi kunda islom moliya muassasalari tomonidan tadbirkorlik/tijorat loyihalarini moliyalashtirish uchun keng qoʼllaniladi, vaholanki murobaha dastlab islom fiqhida faqat savdo shartnomasi turi sifatida maʼlum boʼlgan va moliyalashtirishga umuman aloqasi boʼlmagan.
Murobaha birinchi navbatda savdo bitimi ekanligi sababli ushbu maqolani murobahaning savdo shartnomasi sifatidagi asosiy qoidalarini koʼrib chiqishdan boshlaymiz.
Murobaha
- Murobaha – bu maxsus savdo-sotiq turi boʼlib bunda sotuvchi mahsulotning xarid narxini, qilingan xarajatlarni va uning ustiga oʼzi qoʼygan ustamani (foydani) xaridorga maʼlum qiladi(agar sotuvchi mahsulotning tannarxini va ustamani maʼlum qilmasa, unda bu murobaha emas, balki islom moliyasida «musavama» deb ataluvchi oddiy savdo bitimi boʼladi);
- Sotuvchi mahsulotni xaridorga yetkazishi bilan bogʼliq barcha xarajatlar mahsulotning tannarxiga qoʼshiladi va hosil boʼlgan narxga ustama belgilanadi (ammo sotuvchining mahsulotni xaridorga yetkazishiga bevosita aloqasi boʼlmagan joriy xarajatlari mahsulotga narx belgilashda inobatga olinmaydi);
- Tomonlar mahsulot narxini birdaniga toʼlanishiga ham, keyinroq (yaʼni maʼlum bir muddat ichida) toʼlanishiga ham kelishishlari mumkin. Demak, murobahani faqatgina toʼlov muddati uzaytirilgan savdo bitimi deb atash toʼgʼri emas (islom huquqidan unchalik xabari boʼlmagan, faqatgina zamonaviy islom moliya muassasalari faoliyati bilan tanish boʼlgan odamlargina shunday deb hisoblashadi).
- Murobaha bitimi mahsulotning narxi aniq boʼlsagina huquqiy kuchga ega boʼladi. Аks holda mahsulot murobaha shartnomasi orqali sotilishi mumkin emas (u holda bu murobaha emas, balki oddiy savdo bitimi boʼlgan musavama bitimi boʼladi).
Misollar:
- sotuvchi bitta qoʼl telefonini 100$ ga sotib oldi va uni murobaha bitimi orqali mahsulotning ustiga 10% ustama qoʼyib sotmoqchi. Bunda mahsulotning narxi aniq boʼlgani uchun murobaha bitimi joiz boʼladi.
- sotuvchi 200$ ga qoʼl telefoni va raqamli kamera sotib oldi. Bu holda shu qoʼl telefoni va raqamli kamerani bir murobaha bitimi orqali sotishi mumkin, ammo qoʼl telefonining oʼzini murobaha bitimi orqali sotolmaydi, chunki bunda mahsulotning narxi aniq emas. Аgar sotuvchi qoʼl telefonini oʼzini sotmoqchi boʼlsa, unda oddiy savdo bitimi orqali (yaʼni mahsulotning tannarxini, xarajatlarni va ustama/foydani koʼrsatmagan holda) sotishi mumkin.
Manba: islommoliyasi.uz