img

Mushoraka tushunchasi

img

Islom moliyasi haqida soʼz ketganda MUShORАKА atamasi asosan moliyalashtirish bilan bogʼliq holda qoʼllaniladi. “Mushoraka” atamasi “shirkat” oʼzagidan olingan. “Shirkat” atamasi islom huquqshunosligida keng qoʼllaniladi va uning maʼnosi ham “mushoraka”ga qaraganda kengroq. Quyida ushbu asosiy tushunchalarning maʼnosini koʼrib chiqamiz.

“Shirkat” – “boʼlishish” degan maʼnoni bildiradi va islom fiqhida u ikkiga boʼlinadi:

Shirkat-ul-Mulk

Ikki yoki undan ortiq shaxslarning maʼlum bir mulkka nisbatan birgalikdagi egaligiga aytiladi. Bunday shirkat tomonlarning xohishi bilan, masalan muayan bir mulkni birgalikda sotib olish orqali paydo boʼlishi mumkin. Bunda sotib olingan mulkka nisbatan tomonlarning birgalikdagi munosabati Shirkat-ul-Mulk deyiladi. Bu holatda tomonlarning bunday munosabati ularning oʼz xohishlariga koʼra paydo boʼldi. Аmmo baʼzida “shirkat” tomonlarning hech qanday ishtiroki va xohishi boʼlmagan holda paydo boʼladi. Masalan, kimdir vafot etgan taqdirda, uning merosxoʼrlari vafot etgan shaxsning mol-mulkini meros qilib olishadi va ushbu mol-mulkka nisbatan ularning birgalikdagi egaligi, yaʼni shirkat paydo boʼladi.

Shirkat ul-Аqd

Bu shirkatning ikkinchi turi boʼlib, “shartnoma asosidagi oʼzaro sherikchilik”ni anglatadi, qisqaroq nomlaydigan boʼlsak “qoʼshma tijorat korxonasi” deyish ham mumkin.

Shirkat ul-Аkd uch turga boʼlinadi:

  • Shirkat ul-Аmval, bunda tomonlar biror korxonaga sarmoya kiritishadi va shu korxona doirasida sherikka aylanishadi.
  • Shirkat ul-Аmal, bunda ikki yoki undan ortiq sherik mijozlarga qandaydir pullik xizmatlar koʼrsatishadi va tushgan daromadni avvaldan kelishilgan tartibda va ulushda boʼlishib olishadi. Bu turdagi shirkatning yana bir necha nomi bor, jumladan “shirkat us-sanai” va “shirkat ul-abdon”.
  • Shirkat ul-vujuh, bunda tomonlar umuman sarmoya tikishmaydi. Ular nasiyaga mol sotib olishadi va naqdga sotishadi va olingan foydani kelishuvga koʼra taqsimlashadi.

Shu yerda bir narsani aytib oʼtish kerak, “Mushoraka” iborasi ilgari islom fiqhi boʼyicha yozilgan kitoblarda qoʼllanilmagan, ushbu ibora nisbatan yaqinda, islom moliyasi mavzusida yozgan olim va mutaxassislar tomonidan qoʼllanishni boshlagan. Undan avval “Shirkat”, yaʼni ikki yoki koʼproq shaxslar oʼz mablagʼlarining bir qismini sherikchilik asosidagi tijorat korxonasi yoki loyihasiga sarmoya sifatida kiritishini anglatuvchi – “Shirkat-ul-amval” iborasi qoʼllangan. Baʼzida bunga xizmat koʼrsatish sohasidagi sherikchilik – Shirkat ul-amal ham kiritilgan.

Koʼrib turganimizdek, “Shirkat” atamasi bugungi kunda ishlatilayotgan va faqat “Shirkat ul-amval” bilan cheklangan “Mushoraka” atamasidan koʼra kengroq maʼnoga ega boʼlib oʼz ichiga sherikchilikning barcha mulkiy va amaliy koʼrinishlarini oladi.

“Mushoraka” biz koʼrib chiqayotgan mavzu maqsadiga koʼproq toʼgʼri kelganligi, hamda uning “Shirkat-ul-amval” bilan deyarli bir xil boʼlganligi sababli, biz birinchi navbatda ushbu shirkat turini anʼanaviy nuqtai nazardan, soʼngra esa uni zamonaviy sharoitda moliyalashtirish tizimi doirasida qoʼllanilishi yuzasidan qisqacha maʼlumot berib oʼtamiz.

Manba: islommoliyasi.uz

docxfilePDF