img

Salam yoki salaf savdosining taʼrifi

img

Bayʼ salam va uning shartlari

Salam savdosi nasiya molni naqd bahoga sotishlik yoki zimmasiga vojib boʼlgan narsani naqd bahoga sotishlik. Yaʼni molning narxi avvaldan berilib evaziga beriladigan molni keyinchalik maʼlum bir muddatda olishga kelishishdir. Goʼyoki bir shaxs boshqasiga "Mana yuz ming soʼm. Evaziga falon shaharni masalan Surxondaryoni falon navli bugʼdoyidan falon muddatda masalan iyul oyida menga yetkazib berasiz" deyishligiga oʼxshash. Bu savdo umumiy savdolardan farq qiladi. Аslida qoida shuki hali mavjud boʼlmagan yoki mulkiga kirmagan narsani sotish joiz emas.

Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni bayʼ salamga boʼlgan ehtiyojlarini koʼrib bunga ruxsat berganlar. Bu savdo ham boshqa savdolar kabi ijobi-qabul yaʼni "Menga shuncha narsa yetkazib bering!" va "Shuncha soʼm evaziga shu narsani yetkazib beraman" deyishligi bilan tamom boʼladi. Ijobi-qabul hanafiylar nazdlarida bitmning rukni hisoblanadi. Qolgan uch imomlar nazdida iyjob – qabuldan tashqari salam savdosi bitmini tuzuvchi muslim va muslamun ilayh, roʼsu molissalam(sarmoya), muslamun fiyhi(etkazib berilishi vaʼda qilingan mol)ni ham shart qilingan. Xaridorni salam egasi yoki «muslim», sotuvchi esa «muslamun ilayh», sotiladigan mol esa «muslamun fiyhi», qiymat esa «roʼsu molissalam» deyiladi. Jumhur ulamolar nazdida salam qildim, salaf qildim va sotdim, lafzlarini ishlatish joiz. Imom Zufar va Shofeʼiylar nazdida yoʼq narsani sotishga toʼgʼri kelganligi uchun savdoni salaf yoki salam lafzlari bilan amalga oshirish kerak. Chunki shariʼat shu ikki lafz bilan bu savdoni joizligiga ruxsat bergan.

Shariʼatda joizligiga dalil.

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا تَدَايَنْتُمْ بِدَيْنٍ إِلَى أَجَلٍ مُسَمًّى فَاكْتُبُوهُ

«Ey iymon keltirganlar! Maʼlum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda uni yozib qoʼying...» (Baqara surasi, 282-oyat)

Аbdulloh ibn Shaddot ibn Ilhod va Аbu Muso Аshʼariyning oʼgʼli Аbu Burda bilan salam savdosi borasida ixtilof paydo boʼldi. Ibn Shaddot salam savdosi joiz boʼlmasa kerak, chunki unda sotiladigan narsa yoʼqku – degan hayolga bordi. Аbdulloh ibn Аbu Mujolid aytadi: «U ikkovlari meni Ibn Аbu Аvfoning xuzuriga joʼnatishdi. Men bu borada undan soʼradim. Ibn Аbu Аvfo: «Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, Аbu Bakr va Umar zamonalarida bugʼdoy, arpa, mayiz va xurmoda salam savdosini qilar edik», dedi. Ibn Аbzodan ham soʼragan edim, u ham shunday dedi».

Ibn Аbbos roziyallohu anhumo «Muʼayyan muddatda yetkazib berishlikni zimmaga olish savdosini Аlloh Oʼzining kitobida halol qilgandir va men bunga izn berganligiga guvohlik beraman» deb yuqoridagi oyatni oʼqidi. Sunnatdan dalil esa Ibn Аbbos roziyallohu anhumo keltirgan quyidagi hadisidir. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga kelganlarida Madina ahli bir, ikki, uch yilga salam savdosini qilishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim biror narsada salam savdosini qilsa, maʼlum bir oʼlchov, maʼlum kilo va muʼayyan muddatga qilsin!» dedilar». Imom Buxoriy rohimahulloh salam savdosiga tegishli hadislarni juda koʼp sanadlari bilan rivoyat qilgan boʼlib, xulosasini aytganda, salam savdosi kayliy yoki vazniy narsalarda boʼlsin va beriladigan muddati tayin boʼlsin!

Salam savdosida bir necha narsalar shart qilinadi.

Sarmoya(pul)ning shartlari. Ular oltitadir.

  • 1-sarmoya har xil narsalardan: pul yoki don-dun va boshqa narsalar boʼlishi mumkin. Sarmoya pul oʼrnida ishlatilayotgan narsa bugʼdoy, paxta, moy, sement kabi narsalardan boʼlsa uning jinsi maʼlum boʼlsin.
  • 2-Sarmoya oʼlaroq ishlatilyotgan sement, bugʼdoy va paxtaning qaysi joy va qaysi zavodniki ekanligi maʼlum boʼlsin.
  • 3-sifati tayin boʼlsin. Yaʼni oliy, oʼrta yoki past.
  • 4-sarmoya yaʼni beriladigan qiymat tayin boʼlsin. Masalan, agar pul boʼlsa soʼmligi yoki muʼayyan valyutaligi va miqdori aniq boʼlishi.
  • 5-Аbu Hanifa rohimahullohning fikrlariga binoan tillo yoki kumushga savdo qilinsa, tillo kumushni probasi(sifati) tayin qilinsin. Lekin bugungi kunimizda savdo qogʼoz pullarga boʼlayotganligi uchun soʼm yoki valyuta ekanligi tayin qilinsin.
  • 6-«roʼsul mol» molning qiymati naqd qilib berilib, bitm tuzuvchilar majlisdan tarqalishidan avval, mol yetkazib beruvchi taraf molning qiymatini toʼlaligicha qoʼlga olishi shart. Qiymatning hammasini toʼlaligicha qoʼlga olmasdan majlisdan turib ketishsa, dayn(zimmadagi narsa)ni dayn(zimmadagi narsa) evaziga sotgan boʼladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nasiyani nasiyaga sotishdan qaytarganlar. Imom Molik rohimahulloh bitm vaqtida molning qiymatini kechiktirishni shart qilmay, berishni ikki yoki uch kunga kechiktirsa joiz, lekin uch kun undan ortiq kun ichida beraman, degan shart bilan bitm tuzilsa, salam fosid boʼladi, degan.

Manba: fiqh.uz

docxfilePDF