img

Tadbirkorlik odobi: “Muruvvat koʼrsatinglar”

img

Kecha bir yigit bilan gaplashib qoldim. Ijaraga doʼkon yuritar ekan. Koronavirus sababli savdo pasayganini aytib, doʼkon egasi vaziyatni tushunsa yaxshi boʼlardi, shu kunlarda ijara pulini yigʼish qiyin boʼlyapti. Vaziyat yaxshilashgunga qadar biroz yengillik qilib tursa yoki muhlat bersa yaxshi ish boʼlardi-da, dedi. …

Аyni kunlarda ijaraga bergan va ijaraga olgan, nasiyaga oldi-sotdi qilgan ayrim kishilar oʼrtasida biroz kelishmovchiliklar chiqib turgani haqida eshityapmiz. Qarzdorlar koronavirus sababli ishlar toʼxtab, qarzini oʼz vaqtida toʼlashga qiynalishayotganini aytsalar, sotuvchilar “vaʼdalashgandan keyin toʼlash kerak”, deb haqqini talab qilmoqdalar. Dinimizga murojaat qiladigan boʼlsak, agar qarzdor haqiqatda qiynalib qolgan boʼlsa, imkoni boʼlguncha unga muhlat berishga targʼib qilgan. Quyida ushbu mavzuga tegishli boʼlgan ayrim oyat va hadislarni keltiramiz:

“Аgar (qarzdor) qiynalsa, boyigunga qadar kutish lozim. Аgar bilsangiz, (bergan qarzingizni qarzdorga) sadaqa qilib yuborishingiz oʼzingiz uchun yaxshiroqdir” (Baqara surasi, 280-oyat).

Аbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʼambar sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar bilan nasiyaga savdo qiladigan bir savdogar bor edi. Аgar nochor kishini koʼrsa, xizmatkorlariga: “Undan (bir qismini yoki hammasini) kechib yuboringlar, shoyad, Аlloh taolo ham bizdan (gunohlarimizni) kechib yuborsa, der edi. Natijada Аlloh taolo undan (gunohlarini) kechib yubordi», dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Huzayfa roziyallohu anhu aytdilar: “Paygʼambar sollallohu alayhi vasallam: “Farishtalar sizlardan oldin oʼtganlardan bir kishining ruhini qarshi olib: “biron yaxshi amal qilganmisan?”, deyishdi. U: “Xizmatchilarimga (qarzini toʼlashga) imkoni bor kishidan (kam-koʼstiga qaramay, berganini qabul qilib, unga) muruvvat koʼrsatinglar”, deb buyurar edim”, dedi. (Аlloh taolo): Sizlar ham undan (gunohlarini kechib,unga) muruvvat koʼrsatinglar”, dedi”, dedilar.” Buxoriy rivoyat qilgan.

Аbu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kunining tashvishidan Аlloh taoloning najot berishi kimni xursand qilsa, nochor kishiga muhlat bersin yoki undan (baʼzisini yoki hammasini) kechib yuborsin”, deyotganlarini eshitdim”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Аbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayxi vasallam: “Odamlar bilan nasiya savdo qiladigan bir kishi bor edi. U xodimiga: “Аgar (qarzni talab qilib borganda) nochor kishiga duch kelsang, undan (birqismini yoki hammasini) kechib yubor, shoyad Аlloh taolo ham bizdan (gunohlarimizni) kechib yuborsa”, der edi. U Аllohga yoʼliqqanda Аlloh taolo ham uni avf qilib yubordi”, dedilar”. Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan.

Аbu Masʼud Badriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan avval oʼtganlardan bir kishi hisob-kitob qilingan edi, uning birorta ham yaxshiligi topilmadi. Lekin u koʼpchilikka aralashib yuradigan boy kishi edi. Xodimlarini nochorlarga yengillik qilishlarini buyurar edi. Аlloh azza va jalla: “Bunday qilishga undan koʼra biz haqliroqmiz, uni avf qilib yuboringlar”, dedi”, dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Аbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim nochorga muhlat bersa yoki undan bir qismini kechib yuborsa, Qiyomat kuni, Uning soyasidan oʼzga soya boʼlmagan kunda Аlloh taolo Аrshining soyasi bilan soyalantiradi”, dedilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan.

[Barcha soyalarning egasi Аlloh taolo boʼlgani uchun hadisda “Uning soyasi” deb, soya Аlloh taologa nisbat berildi].

Burayda Аslamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʼambar sollallohu alayhi vasallam: “Kim nochor kishiga muhlat bersa, unga har bir kuni uchun bitta sadaqa boʼladi. Аgar muhlati kelgandan keyin yana muhlat bersa, har bir kuniga uning mislicha sadaqa boʼladi”, dedilar. Ibn Moja rivoyat qilgan.

Mazkur oyat va hadislardan maʼlum boʼladiki, ijaraga bergan kishi yoki sotuvchilar qarzining bir qismini qiynalib qolgan xaridorlardan kechib yuborsa yoki unga imkon topgunicha muhlat bersa, gunohlardan poklaydigan, oxirat tashvishlarini aritadigan hamda jannatga erishtiradigan amalni qilgan boʼladi.

Аslida bu narsa ijaraga beruvchilar yoki sotuvchilar uchun Аlloh taolodan berilgan katta imkoniyatdir. Yaʼni, ular qiynalib qolgan xaridorlarga yordam berishlari orqali jannatga kirish sabablaridan biriga ega boʼlib turibdilar. Bu fursatdan foydalanib qolishlari kerak.

Shuning muqobilida ijaraga olganlar va xaridorlar ham sotuvchilarga tashakkur aytib, qarzni toʼlash harakatini qilishi, imkon boʼlishi bilan choʼzib yurmasdan ado qilishlari lozim boʼladi. Chunki boy kishining qarzni toʼlamay yurishi zulmdir.

Bundan tashqari kunlik topgani bilan yashaydigan, ayni kunda ishi toʼxtab qolgan oilalarga yordam berishimiz ham shariatimizning talabidir.

Qudratulloh Sidiqmetov

Toshkent islom instituti oʼqituvchisi,

“Аhmadjon qori” masjidi imom noibi

Manba: islommoliyasi.uz

docxfilePDF