img

Takoful: kirish

img

Insonlarning barcha turdagi faoliyatlari koʼzda tutilmagan voqea-hodisalar sabab vujudga keladigan turli yoʼqotishlar, zararga uchrash xavf-xataridan holi emas. Yakka shaxslar va kompaniyalar har doim kutilmagan holatlardan oʼzlarini muhofaza etishga urinishlari nafaqat tabiiy holat sifatida, balki shariatga muvofiq boʼlgan jarayon deb qaraladi. Chunki bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan: “Tuyamni bogʼlab tavakkul qilaymi yoki qoʼyib yuborib, soʼng tavakkul qilaymi?” deb soʼraganida, u zot: “Uni bogʼlagin-da, soʼng tavakkul qil!”, deb aytganlar (Shu maʼnodagi hadisni Ibn Hibbon, Hokim va Quzoʼiylar rivoyat qilishgan). Yaʼni insonda imkoniyat bor ekan, qoʼlidan kelgancha sabablarini qilib, oʼziga yoki mol-mulkiga yetishi mumkin boʼlgan zararlarning oldini olishga harakat qilishi tabiiy hol. Oʼz-oʼzini turli noxush holatlardan saqlash, ehtiyot qilishning shariatga muvofiq boʼlgan yechimi – TАKOFUL tizimi boʼlib, u anʼanaviy sugʼurta tizimining muqobili hisoblanadi.

Takoful oʼzaro hamkorlik asosiga qurilgan tizim boʼlib, jamiyat aʼzolaridan biriga yetgan zararni birgalikda qoplash tamoyilini oʼzida aks ettiradi. Shuningdek anʼanaviy sugʼurtada mavjud boʼlgan va shariatda man qilingan chayqovchilik (spekulyatsiya), maysir, ribo, gʼarar (noaniqlik) kabi unsurlar takofulda qoʼllanilishiga yoʼl qoʼyilmaydi.

Takofulning taʼrifi

“Takoful” va “islom shariatiga muvofiq sugʼurta” atamalari bir-birining oʼrnini bosa oladigan atamalar hisoblanadi. Islom moliyasiga muvofiq sugʼurta – bu oʼzaro yordam, birdamlik va umumiy koʼmak tamoyillariga asoslangan boʼlib, benefitsiarlar (umumiy yordam loyihasidan manfaat olishi mumkin boʼlgan tomonlar) duch keladigan turli falokat va koʼngilsiz holatlar, masalan, mol-mulkdan ayrilish yoki ularga zarar yetish kabi holatlarda yechim hisoblanadi.

Islom shariatiga muvofiq sugʼurta – Takoful (التكافل) soʼzi arab tilidagi kafala (الكفالة) – “kafillik”, “bir-biriga kafolat berish” soʼzidan olingan. Oʼz oʼrnida, takoful jamoaviy sugʼurta deb ham qaraladi, lekin hamma jamoaviy sugʼurtalar ham shariatga muvofiq kelavermaydi.

Takoful xatarlarni boshqarishning bir turi boʼlib, zarar yoki yoʼqotishlardan oʼzaro kafolatlash maqsadida aʼzolar tomonidan oʼz mablagʼlarini oʼrtaga tashlaydigan tizimdir. Boshqacha qilib aytganda, takoful zararlarni taqsimlash orqali xatarlarni oʼzaro kafolatlash tamoyiliga asoslanadi. Dastlab, takoful jamgʼarmasi tashkil etiladi va unga aʼzo boʼlishni istaganlar maʼlum miqdordagi mablagʼni tabarruʼ – xayr-ehson, ixtiyoriy toʼlov sifatida fondga kiritadi. Fond benefitsiarlari, yaʼni aʼzolaridan biriga zarar yetadigan boʼlsa, oʼsha zarar oʼrtada yigʼilgan mablagʼlar (jamgʼarmadagi pullar) hisobidan qoplanadi. Takoful jamgʼarmasi Takoful boshqaruvchisi tomonidan boshqariladi.

AAOIFI Shariat standartlarida takofulga quyidagicha taʼrif berilgan:

“Islom moliyasiga muvofiq sugʼurta – Islom shariati qoidalari va tamoyillariga rioya etadigan maxsus kompaniya boshqaruvi ostidagi, barcha turdagi xavf-xatarlarni qamrab olgan korporativ sugʼurtaning bir shaklidir.
Islom moliyasiga muvofiq sugʼurta shartnomasi oʼzaro yordam va xayr-ehson asosida tuziladi, turli xatarlar tufayli vujudga kelgan zarar yoki yoʼqotishlar aʼzolar oʼrtasida adolatli taqsim etiladi (yaʼni koʼrilgan talafot oʼrni aʼzolar tomonidan kiritilgan mablagʼlar hisobidan qoplanadi)”.

Islom moliya muassasalari buxgalteriya hisobi va auditi tashkiloti (AAOIFI)
yetakchi xalqaro tashkilotning 26 sonli standarti – “Islom moliyasiga muvofiq sugʼurta” asosida tayyorlandi

Manba: islommoliyasi.uz

docxfilePDF