img

Goʼng/tezakdan foydalanish va uni sotish hukmi

img

Bizning diyorlarda qishloq xoʼjaligi sohasi juda muhim oʼrin egallaydi. Davlat tomonidan qoʼllab-quvvatlanuvchi katta fermalardan tortib to shahar chetlari va qishloqlarda istiqomat qiluvchi jismoniy shaxslar koʼplab katta va kichik chorva mollari va parrandalarni turli maqsadlarda boqishadi. Shu sababdan ushbu chorva va parrandalar goʼng/tezagidan foydalanish va sotish masalasi doimo dolzarb masala boʼlib kelgan.

Hanafiy mazhabi ulamolari, odamlarning goʼng va tezakka dehqonchilik va bogʼdorchilik sohalarida doimiy ehtiyojlari mavjudligini inobatga olgan holda, foydalanish va sotish yoki sotib olishni joiz deganlar.

Xususan, “Roddul muhtor” kitobida bu masalada shunday deyilgan: “tezak aralashgan oʼgʼit va goʼngdan foydalanish yoki sotish joiz”.

Аgar tezakka tuproq, qipiq va boshqa shu kabi narsalar qorishtirilib, ishlovdan oʼtgan boʼlsa, tezakning haqiqati oʼzgargan hisoblanadi va u oʼgʼit koʼrinishidagi yangi mahsulotga aylanadi. Demak, undan foydalanish va sotish mumkinligida ixtilof yoʼq.

Аmmo, goʼng yoki tezakdan asl holida foydalanish yoki sotish borasida toʼrt mazhab oʼrtasida baʼzi ixtiloflar bor boʼlishiga qaramasdan, hanafiy mazhabidagi ixtiyor qilingan hukm va berilgan fatvo ushbu faoliyatlarning joizligigadir.

Quyida ushbu masalaga tegishli baʼzi savol-javoblarni eʼtiboringizga havola qilamiz:

1-savol. Bizni masjidda, goʼng sotish harom, shariatda qiymatsiz narsa deyildi. Shu gap toʼgʼri boʼlsa, uni sotib olishchi? Bizni taraflarda tekinga goʼng topish amri mahol. Shu ishga oydinlik kiritib bersanglar.

«Zikr ahlidan soʼrang» hayʼati javobi:

Va alaykum assalom! Goʼngning oldi-sotdisi joiz. Bunga sharʼan moneʼlik yoʼq. Vallohu aʼlam!

2-savol. Parranda tezagini tijorat maqsadida sotish mumkinmi?

Аssalomu alaykum muhtaram shayx hazratlari! Korxonamizda roʼy bergan bir hodisa yuzasidan savol yuzaga kelib qoldi. Korxonamiz hududida boʼsh xonalarni tovuq va joʼja boqish uchun ijaraga berganmiz. Bugun ertalab shu tovuqdan chiqqan goʼng (tezak)ni tijorat maqsadida sotish mumkinmi yoki yoʼqmi degan savol paydo boʼlib, bahs yuzaga keldi. Biri shariatda goʼngni, yaʼni hayvondan chiqqan axlatni sotish mumkin emas deyilgan deydi, yana biri buni isbotlash kerak deydi. Men saytda va kitoblarda qidirib topa olmadim.

Parranda va chorva mollaridan chiqqan goʼng/tezakni oldi-sotdi qilish mumkinmi?

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning javobi:

Аxlatxonaga tashlangan narsalarni va hayvonlarning tezagini sotsa boʼladi. Chunki ulardan oʼgʼit sifatida foydalansa boʼladi.

Manba: islommoliyasi.uz

docxfilePDF