img

Zakot nima? Uning miqdori qancha va nega faqat Ramazon oyida beriladi? “Zakotim.uz” loyihasi asoschisi Muzaffar Husniddinov bilan suhbat

img

Har safar Ramazon oyi kirib kelishi bilan odamlar orasida “Hamma musulmonlarga ham zakot majburiymi, uning miqdori qancha, zakot olishga kimlar haqli? Men qancha mablag‘ berishim kerak? Mol-mulkimning nisobini qanday chiqarsam bo‘ladi?” kabi savollar o‘rtaga chiqadi.

“Daryo” yurtdoshlarimizni qiziqtirgan shu kabi bir qancha savollarni jamlab, “zakotim.uz” loyihasi asoschisi Muzaffar Husniddinov bilan suhbatlashdi.

Muzaffar Husniddinov — Islom moliyasi sohasida mutaxassis. Janubiy Koreyada moliya yo‘nalishida MBA, Islom moliyasi sohasida Buyuk Britaniya va Turkiyada tahsil olgan.

Islom moliyasi muassasalari uchun Buxgalteriya va auditorlik tashkilotining (AAOIFI) shariat bo‘yicha sertifikatlangan maslahatchisi va auditori (CSAA) sanaladi.

“Zakotim”, “Islom moliyasi” loyihalarining asoschilaridan biri. Hozirgi kunda O‘zbekistonda “sukuk” qimmatbaho qog‘ozlarini chiqarishda qonunchilikni yaratish bo‘yicha BMTTD maslahatchisi, IsBF kompaniyasi moliya menejeri.

  • Keling, dastlab zakotning musulmon odamning hayotidagi o‘rni xususida gaplashsak. Zakot har bir mo‘min-musulmonga farz qilingan amallardan biri. Biroq har kimning ham bunga qurbi yetavermaydi. Islom dinida kimlarning zakot berishi majburiy hisoblanadi?
  • Darhaqiqat, zakot islom dinida musulmonlarga farz qilingan amallardan. U shaxsiy ehson yoki ixtiyoriy saxovat emas, balki boylar uchun Alloh tomonidan belgilangan majburiy moliyaviy ibodatdir.

Islom dinida boy musulmon deb birinchi darajadagi hojati tushadigan mulklaridan tashqari 85 gramm tilla qiymatidagi boyligi bo‘lgan odamga aytiladi. Hisobi yuqoridagi mablag‘ga yetgan kishi bir yil o‘tib yana shu miqdordan ortiq mablag‘i bo‘lsa, zakot berishi majburiydir.

Zakot berish uni beruvchisining qalbini xudbinlik va boylikka hirs qo‘yish illatlaridan tozalaydi hamda undagi marhamat, kambag‘allarga bo‘lgan xayrixohlik hissini kuchaytiradi.

Qolaversa, zakot uning oluvchisining qalbida beruvchiga nisbatan hasad va g‘arazni ketkizadi, jamiyatda o‘zaro hurmat-ehtirom va birodarlik munosabatlarini mustahkamlaydi. Agar zakot tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, jamiyatda kambag‘allikka to‘liq barham berish mumkin.

img
  • Agar moli nisobga yetgan musulmon zakot bermasa, buning oqibati qanday bo‘ladi?
  • Zakotni ado etish barcha boy musulmonlarga vojib ekanini tushuntirish, buni bilmaganlarga yetkazish kerak. Oyat va hadislarda zakot bermaganlarga oxiratda qattiq azob va’da qilingan. Ushbu hadislarni eslashning o‘zi qalbida iymoni bor odamni larzaga soladi.

Xususan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: Kimga Alloh taolo mol-dunyo bergan bo‘lsa-yu, u zakot bermagan bo‘lsa, jamg‘argan boyligi qiyomat kuni ilon shakliga kirib, egasining tanasiga o‘ralib olib chaqadi, so‘ng: “Men mol-dunyoingman, men xazinangman” deb aytadi”,— dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati)

Zakoti berilmagan boylikda baraka bo‘lmaydi. Ustozlarimizning aytishlaricha, baraka faqatgina boyliklarning qiymati yoki ko‘pligida emas, balki xotirjamlik, kishining yaqinlari bedavo dardlarga yo‘liqmasligi, turli kutilmagan balolarning boshga kelmasligi, Allohning asrashi ham baraka belgilaridandir, ya’ni ne’matlar faqat pul bilan o‘lchanmaydi.

Aksincha zakotni berish Qur’oni karimning bir necha o‘rnida haqiqiy musulmon insonlarning xos sifati ekanligi bayon etilgan (Tavba surasi, 18, 71–oyatlar, Mo‘minum surasi, 4–oyat). Zakotni ado etish Allohning rahmati va uning yordamiga sabab bo‘luvchi omil sifatida tilga olingan (A’rof surasi, 156–oyat, Haj surasi, 40–41–oyatlar).

Qolaversa, yuqorida aytib o‘tganimdek, zakotning yurtda adolatni ta’minlashda, kambag‘allik va tilanchilikni yo‘qotishda beqiyos o‘rni bor.

  • Har yili Ramazon oyida ommaviy axborot vositalarida zakot berish borasida ko‘plab ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi, maqolalar chop etiladi. Shu yerda o‘rinli bir savol tug‘iladi: zakot faqat Ramazonda beriladimi?
  • Kishi boyliklarining hisobini qilib borishi kerak. Boyligi nisobga yetgan kun qamariy taqvim bo‘yicha belgilab qo‘yiladi va har yili o‘sha sanada zakot vojib hisoblanadi. Bizning mamlakatda ba’zilar zakotni Ramazon oyida berishni urf qilganlarining sababi Ramazonning fayzi va barakotidan umid qilishlari, bu oyda qilingan yaxshilikka 70 barobar savob berilishi bo‘lsa kerak.

Zakot berishda Ramazonning kelishini kutib o‘tirish shart emas. Ayniqsa zakotga haqdor, juda zarur bo‘lib turgan holat chiqqanda farzini ado etsa, savobi ulug‘, go‘yo yaraga qo‘yilgan malhamdek bo‘ladi, deyishadi ustozlarimiz.

img
  • Yuqoridagi savolning uzviy davomi sifatida yana bir masalaga aniqlik kiritsak: har yili Ramazon oyi boshida zakot nisobi e’lon qilinadi. U nimaga qarab belgilanadi?
  • Asl nisob miqdori 20 dinor oltin yoki 200 dirham kumushdir. Bu taxminan 85 gramm tilla yoki 595 gramm kumushga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan e’lon qilinadigan nisob miqdori tillaning narxiga qarab belgilanadi. Tilla qiymatining oshib-tushishiga qarab nisob miqdori ham o‘zgarib turadi.

Musulmonlar idorasi e’lon qilgan nisob miqdoridan foydalanish yoki chamalab ko‘rish uchun quyidagi formuladan ham foydalanish mumkin:

Nisob = 1 gr tilla birja narxi x 585/999 (proba) x Markaziy bank kursi

Ya’ni internet orqali sof tillaning jahon bozoridagi qiymatini bilib, undan bizning yurtlarda tilla buyumlarda ko‘proq foydalaniladigan 585 sifatli tillaning ulushini ajratib, uni Markaziy bankdagi valyuta kursi bo‘yicha so‘mga o‘girilsa, muayyan sanadagi taxminiy nisob qiymatini bilish mumkin. Bunday hisoblash usuliga O‘zbekistondagi ustoz ulamolarimiz ham qarshilik qilishmaydi.

Lekin har bir odam buni o‘zi hisoblab o‘tirmasligi, xalqimizga yengillik qilish, shuningdek, ko‘pchilik Ramazonda zakotini ado etishini nazarda tutib aynan shu oyda nisob miqdori e’lon qilinadi.

  • Inson qancha zakot berishini qanday aniqlashi mumkin?
  • Zakot bir yilda bir marta berilgani uchun hisoblash usulini hamma ham o‘rganavermaydi. Islom moliyasi sohasida faoliyat yuritayotganimiz uchun tadbirkorlar, biznesmenlar zakotimni qanday hisoblayman deb so‘raydilar.

Zakot hisoblashni osonlashtirish uchun “zakotim.uz” veb-saytini ishga tushirdik. Veb-saytning asosiy maqsadi nafaqat oddiy insonlarga, balki faoliyati ancha murakkab bo‘lgan, bir nechta bizneslari, turli investitsiyalari bo‘lgan tadbirkor va sarmoyadorlar uchun zakot hisoblashni amalga oshirishdir.

img

Zakotini hisoblashni istagan foydalanuvchilar unda nafaqat naqd pul va tillalaridan, shuningdek, tijorat mollari, kiritgan sarmoyalari, ko‘chmas mulk, qarzlar hamda o‘zlari yurgizayotgan biznesdan ham zakotlarini qadamma-qadam hisoblab chiqishlari mumkin. Zakot kalkulyatori O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi tomonidan foydalanishga tavsiya etilgan. Uning Hanafiy mazhabiga, zakot fiqhiga mosligi yurtimizda ko‘zga ko‘ringan ulamolar, Toshkent islom instituti o‘qituvchilari tomonidan tekshirilgan. Zakot kalkulyatoridan “zakotim.uz” veb-saytida tanishish va bepul foydalanish mumkin. Loyihaning yangiliklari Telegram tarmog‘ida e’lon qilib boriladi.

  • Zakot beriladigan yoki berilmaydigan boyliklar sirasiga nimalar kiradi?
  • Zakotni hisoblash uchun avvalo, zakot beriladigan yoki berilmaydigan boylik turlarini o‘rganib olish kerak. Zakot to‘lanadigan mol nisobga yetgan, egasining tasarrufidagi, hojati asliyasidan tashqari, shuningdek, o‘suvchi mol bo‘lishi kerak. O‘suvchi mol deganda, masalan, qo‘y-qo‘zilar, ot yoki tuya kabi chorva mollari yaylovda yurgan bo‘lsa, ular o‘z-o‘zidan ko‘payadi. Naqd pul, tilla kabi boyliklar o‘z-o‘zidan ko‘paymasa ham, ularda o‘sish qobiliyati bor, ya’ni ular sarmoya qilinsa, qiymati ortadi.

Shunday qilib, zakot beriladigan boyliklar sirasiga kishining naqd va bankdagi pullari, tilla va kumushlari, birovlarga bergan qarzlari, sotish niyatida olgan tijorat mollari kiradi. Tadbirkor va investorlarda bulardan tashqari biror biznes faoliyati, investitsiyalari bo‘lsa, undan ham zakot berishi kerak.

img

Zakot berilmaydigan boyliklarga esa kishining ehtiyoji uchun ishlatadigan har qanday boyliklari, masalan, yashab turgan uyi, farzandlariga olib qo‘ygan yer, uy-joylari, o‘z ehtiyoji uchun minadigan avtomobili, kiyimlari va hokazolar kiradi. Shuningdek, ko‘pchilik ijaraga berilgan uy yoki avtomobildan ham zakot beriladi deb o‘ylaydi. Ijaraga berilgan uy, bino-inshoot va avtomobil kabilardan zakot berilmaydi. Balki ulardan kelgan daromad umumiy boylikka qo‘shilib, zakot to‘lash sanasida pul yoki boshqa ko‘rinishda saqlab turilgan bo‘lsagina ulardan zakot beriladi.

Undan tashqari, zakot beriladigan boylik qarzdan xoli bo‘lishi kerak. Ya’ni kishining qarzlari bo‘lsa, bu miqdor oldin chiqarib tashlanadi va qolgan boyligi nisobdan oshsa, zakot beradi.

Shuningdek, hozirgi kunda ba’zilarning uzoq muddatli, ya’ni 5-10-15 yillik qarzlari bor. Bu qarzlar to‘liq chiqarib yuborilsa, zakot kishi bermaydigan holatga kelib qolishi mumkin. Shu bois zakot oluvchilarning manfaatini ko‘zlagan holda bunday uzoq muddatli qarzlarning faqat yaqin bir yilligi chiqarib yuborilishi mumkin degan fatvo berilgan.

  • Zakot uchun faqat pul ajratilishi kerakmi? Chorvadorlar yoki hunarmandlar o‘z mollarini zakot qilib taqdim etishi mumkinmi?
  • Hanafiy mazhabimizga ko‘ra har qanday mulkning qiymatidan pul ko‘rinishida zakot ajratish kerak hisoblanadi. Bunda zakot oluvchining manfaatidan kelib chiqib o‘zida bor bo‘lgan biror mahsulotni ham zakot sifatida bersa bo‘ladi. Faqat bu mahsulot oluvchiga zarur bo‘lgan mahsulot bo‘lishi kerak. Masalan, bir kishining tijorati kiyim tikib sotish bo‘lsa, zakotim deb bir dasta mato yoki ip berishi mumkin emas – chunki oluvchiga bu narsalar kerak bo‘lmasligi mumkin. Yoki polietilen paket ishlab chiqaruvchi odam zakot bermoqchi bo‘lsa polietilen xomashyosini berishi mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi.
img

Zakotga haqdorlarga turli oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olib bersa bo‘ladimi deb ko‘p so‘rashadi. Bo‘ladi, faqat, bu oluvchida (mulk qilib berish shartiga to‘g‘ri kelishi uchun) biror muddat saqlab qo‘yish mumkin bo‘lgan mahsulotlar berilishi kerak. Masalan, qulupnay yoki qaymoq kabi tez aynib qoladigan mahsulotlarni berib bo‘lmaydi.

Chorvadorlarga keladigan bo‘lsak, agar kishi sotish niyatida qo‘y yoki qoramol boqayotgan bo‘lsa, ularning qiymati pul, tilla va boshqa mulklarga qo‘shib zakot beriladi. Uyida boqish, sut olish niyatida boqayotgan bir juft qo‘y yoki sigirlaridan zakot berilmaydi. Agar yaylovda, dalalarda boqiladigan chorva hayvonlari bo‘lsa, ular nisobga yetgandan so‘ng zakot beriladi. Masalan, qo‘y va echkilar soni 40 taga yetsa, ulardan bittasi beriladi, ungacha zakot yo‘q. Shu kabi qoramollar 30 ga, yetganda, tuyalar soni beshtaga yetganda zakot berish vojib bo‘ladi.

Hunarmandlar o‘zining sotishga mo‘ljallangan tijorat mulkidan zakot beradi. Aytilganidek, oluvchining manfaatiga to‘g‘ri kelsa, o‘z mahsulotidan berishi mumkin, aks holda pul ko‘rinishida berilgani afzal.

  • Islom dinimizda zakot olishga kimlar haqli hisoblanadi?
  • Zakot olishga haqli odamlar Alloh tomonidan belgilab berilgan. Qur’oni karimning Tavba surasi 60-oyatida Alloh zakotga haqdorlarni bayon qilgan. Bular: faqirlar, miskinlar, zakot yig‘uvchi omillar, islom diniga qalblari oshno qilinishi kerak bo‘lganlar, Alloh yo‘lidagilar, qarzini to‘lay olmagan kishilar, musofirlardir.
img

Keling, bariga tushuntirish berib o‘taman.

Faqirlar – boyligi asliy ehtiyojdan ortiq, lekin nisob miqdoridan past bo‘lganlar, miskinlar – hech qanday boylikka ega bo‘lmagan o‘ta kambag‘al odamlar hisoblanadi.

Zakot yig‘uvchilar avvallari markazlashgan zakot yig‘ish idoralari bo‘lgan vaqtda hokimlar tomonidan tayinlangan miqdorda haq olganlar. Hozirda zakotni yetkazib qo‘yishga biror kishi vakil bo‘lsa, ular o‘zlariga bu puldan olib qolishlari mumkin emas, to‘liq haqdorlarga yetkazishlari kerak.

Islom diniga qalblari oshno qilinishi kerak bo‘lganlar toifasiga zakot berish Hazrati Umar roziyallohu anhu davrlarida to‘xtatilgan, ya’ni islom aziz bo‘ldi, har tarafga islom haqida xabarlar yetib bordi, zakot berib islomga chorlashga muhtojligimiz yo‘q degan vajdan to‘xtatilgan.

Alloh yo‘lidagilar deganda din xizmatida yurganlar, tolibi ilmlar, islom da’vati bilan shug‘ullanuvchilar tushuniladi. Qarzdorlar ham zakot olishga haqlidir. Albatta, qarzdorlar qarzdan qutilishga jiddu-jahd qilishlari, ortiqcha isrofgarchiliklarga berilmay hayot kechirishlari kerak. Musofirlar oldingi davrlarda o‘z yurtida boy bo‘lsa ham, ba’zan yo‘lda mablag‘i tugab qolgan. Chunki u davrda pul o‘tkazmalari, banklar, kommunikatsiya hozirdagidek bo‘lmagan va musofirlar uylariga yetib olishi uchun zakot olishi mumkin bo‘lgan.

img
  • Zakot mablag‘larini biror shifoxona qurilishi yoki yordam muhtoj talabalarning kontrakt to‘lovlari uchun ham berish mumkinmi? Bu moddiy yordam zakot hisobiga o‘tadimi?
  • Birlamchi ehtiyojlarini qondira olmayotgan kishilar chindanam zakotga eng haqli kishilardir. islomda hojati asliya degan tushuncha bor, ya’ni eng zarur narsalar – taom, boshpana, kiyim kabi narsalar bilan jamiyatning barcha a’zolari ta’minlanishi kerak.

Shifoxona qurish masalasida katta miqdorda zakot yig‘iladigan mamlakatlarda zakot mablag‘laridan qurishga ruxsat berishgan. Ammo sharti bunday shifoxona xizmatidan faqat zakotga haqdorlar (faqirlar, miskinlar, tolibi ilmlar, qarzdorlar va musofirlar) foydalana oladilar. Boshqa toifadagilarga mumkin emas. Agar foydalansa, foydalangani uchun haq to‘laydi. Bu mablag‘ esa zakotga haqdorlarga berib yuboriladi.

Qisqa qilib aytilsa, zakotni bunday usulda tasarruf qilish uchun musulmonlar idorasining xulosasi (bunday muassasa qurish shartlari bayon qilinadi) va fatvosini olish kerak bo‘ladi. Chunki zakot mablag‘i haqdorlarga mulk qilib berilishi kerak.

Talabalar agar zakot olishga haqdorlar sifatiga ega bo‘lsalar zakotdan berilishi joiz.

  • Agar zakot beruvchi muhtoj odamlarni topa olmasa, uni kimga taqdim qilsa bo‘ladi? O‘zbekistonda bu borada shug‘ullanadigan ishonchli tashkilotlar bormi?

Zakot – kambag‘al va boylar orasida ko‘prik vazifasini bajaradi. Zakotga muhtoj odamni qidirish jarayonida kishi jamiyatga aralashadi, kambag‘allarning uylariga boradi, muhtojlar bilan bevosita aloqa o‘rnatadi. Shu jihatdan kishi muhtoj odamlarni qidirishida ham ko‘p hikmatlar bor. Ammo topa olmasa zakot tarqatish bilan shug‘ullanadigan tashkilotga bersa bo‘ladi. Bu tashkilot ishonchli, tartibli, haqdorlarni aniqlash siyosatiga ega va nazorat qilinadigan tashkilot bo‘lishi lozim. O‘zbekistonda musulmonlar idorasi va “Vaqf” xayriya-saxovat fondi bunday vazifani bajarishi mumkin. Undan tashqari, xalqimiz xizmatidagi imom-domlalarimizdan ham bu bo‘yicha maslahat olish mumkin.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.

Manba: daryo.uz

docxfilePDF